XORIJIY FUQAROLARNI BAKALAVR YO’NALISHGA QABUL QILISH

Oliy ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2008 yil 4 avgustdagi 169-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Respublika fuqarolarini xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga jo‘natish davlatlararo shartnomalar va Davlat komissiyasining tegishli qaroriga, oliy ta’lim muassasalararo shartnomalarga hamda fuqarolarning tashabbusiga asosan amalga oshiriladi.

Xorijiy fuqarolar uchun test sinovlari O'zbekiston fuqarolari uchun o'rnatilgan muddatda, ya'ni 1 avgust kuni bo'lib o'tadi. Hujjatlarning oxirgi qabul qilish muddati - 15 iyul.

 

Xorijiy fuqarolarning xujjatlari qabul komissiyasi tomonidan quyidagi ro'yxatga asosan qabul qilinadi.

 

  1. F.I.Sh., fuqaroligi va ta'lim yo'nalishi ko'rsatilgan rektor nomiga ariza;
  2. Milliy pasport kopiyasi;
  3. Xorijiy fuqaro uchun O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasining kopiyasi (Вид на жительство) - agar mavjud bo'lsa;
  4. Xorijiy fuqaroning o'rta yoki o'rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotini tasdiqlovchi shahodatnoma /diplom/ sertifikatning o'zbek yoki rus tiliga tarjima qilingan va notarius tomonidan tasdiqlangan kopiyasi;
  5. Tibbiy ma'lumotnoma (086 shakli);
  6. Fotosurat (3,5x4,5) - 6 dona.

 

Xorijiy fuqarolarning hujjatlari faqat mazkur davlatning milliy fuqarolik pasporti asosida qabul qilinadi va ular milliy fuqarolik pasport kopiyasini topshiradilar. Shu bilan birga, agar xorijiy fuqaro O'zbekiston Respublikasida yashash guvoxnomasiga (Вид на жительство) ega bo'lsa, ushbu holatda xorijiy fuqaroning milliy pasporti kopiyasi bilan birga O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi kopiyasi ham topshiriladi. Qayd etilgan toifadagi fuqarolar ham O'zbekiston Respublikasida doimiy ravishda istiqomat qilayotgan xorijiy fuqaro hisoblanib, yuqorida ko'rsatilgan xorijiy fuqarolar uchun o'rnatilgan tartibda xujjat topshiradilar.

Xorijiy fuqarolar o'qishga faqat to'lov-shartnoma asosida qabul qilinib, ular to'lovlarini xorijiy fuqarolar uchun belgilangan miqdorida amalga oshiradilar. Xorijiy fuqarolar o'qish uchun to'lovlarini chet el valyutasi ekvivalentida, Markaziy bank tomonidan to'lov kunida belgilangan kurs asosida milliy valyutada amalga oshiradilar. Shu bilan birga xorijiy fuqarolar to'lov amalga oshirilganligi to'g'risidagi bank to'lov topshiriqnomasi yoki kvitansiyasi bilan birga O'zbekiston Respublikasi banklarida chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlanganligi to'g'risida sertifikatni ham topshiradilar.

 

O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo'lgan xorijiy fuqarolar bundan mustasno. 

 

Ular to'lovlarni chet el valyutasi ekvivalentida, Markaziy bank tomonidan to'lov kunida belgilangan kurs asosida, milliy valyutada amalga oshiriladilar. Ulardan chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlanganligi to'g'risidagi sertifikat talab etilmaydi.

 

O'zbekiston Respublikasining "Ta'lim to'g'risidagi qonuni"ning 4-moddasiga asosan O'zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan va "Fuqaroligi yo'q shaxs uchun O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi"ga ega bo'lgan shaxslar barcha O'zbekiston Respublikasi fuqarolari kabi umumiy tartib asosida xujjat topshiradilar va o'qishga qabul qilinadilar. 

 

XORIJIY FUQAROLARNI MAGISTRATURAGA QABUL QILISH HAQIDA

 

Xorijiy fuqarolarni O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 4 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish va o’qitish tartibini takomillashtirish to’g’risida”gi 169-sonli Qaroriga binoan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun o’rnatilgan tartib asosida amalga oshiriladi.

 

Xorijiy fuqarolar o’qishga faqat to’lov-shartnoma asosida qabul qilinib, ular to’lovlarini xorijiy fuqarolar uchun belgilangan miqdorda amalga oshiradilar. Xorijiy fuqarolar o’qish uchun to’lovlarini chet el valyutasi ekvivalentida, Markaziy bank tomonidan to’lov kunida belgilangan kurs asosida chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlash yo’li orqali amalga oshiradilar. Shu bilan birga, xorijiy fuqarolar to’lov amalga oshirilganligi to’g’risidagi bank to’lov topshiriqnomasi yoki kvitantsiyasi bilan birga O’zbekiston Respublikasi banklarida chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlanganligi to’g’risida sertifikatni ham topshiradilar.

 

O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo’lgan xorijiy fuqarolar bundan mustasno. Ular to’lovlarni chet el valyutasi ekvivalentida, Markaziy bank tomonidan to’lov kunida belgilangan kurs asosida, milliy valyutada amalga oshiriladilar. Ulardan chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlanganligi to’g’risidagi sertifikat talab etilmaydi.

Xorijiy fuqarolarning quyidagi hujjatlari OTM qabul komissiyasi tomonidan 1 iyuldan 25 iyulga qadar qabul qilinadi:

 

  1. F.I.SH., fuqaroligi va magistratura mutaxassisligi ko’rsatilgan rektor nomiga ariza;
  2. Milliy pasport kopiyasi;
  3. Xorijiy fuqaro uchun O’zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasining kopiyasi (Вид на жительство) - agar mavjud bo’lsa;
  4. Oliy ma’lumot to’g’risidagi hujjatning (ilovasi bilan) o’zbek yoki rus tiliga tarjima qilingan va notarius tomonidan tasdiqlangan kopiyasi;
  5. Tibbiy ma’lumotnoma (forma 086-u);
  6. Fotosurat (3,5x4,5)-6 dona.

 

Ro’yxatga kiritilmagan va ekspertizadan o’tkazilmagan xorijiy fuqarolarni magistratura imtihonlarida ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.

Xorijiy fuqarolarni magistraturaga o’qish uchun qabul qilinishi OTM tomonidan o’tkazilgan kirish imtihonlari natijalari va   Davlat komissiyasining tegishli qarori asosida amalga oshiriladi.